Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi yurtimizdagi barcha dorixona ma’sullarini ogohlantiradi!

21.02.2025 193

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi yurtimizdagi barcha dorixona ma’sullarini ogohlantiradi!

 

Nazorat qiluvchi vakolatli organlar tomonidan olib borilayotgan nazorat tadbirlariga qaramay ayrim dorixonalar tomonidan vrach retsepti asosida berilishi lozim bo‘lgan dori vositalarini retseptsiz sotish holati ko‘plab kuzatilmoqda.

 

Mazkur holatlar yuzasidan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi barcha dorixonalar mas’ullaridan o‘z faoliyatlariga mas’uliyat bilan yondashishlarini talab etgan holda, retsept asosida sotiladigan dori vositalarini sotish qoidalarini buzganlik uchun qonun hujjatlarida quyidagi javobgarlik choralari belgilanganligi eslatib o‘tadi!

 

Dorixonalar tomonidan retsept asosida beriladigan dori vositasini retseptsiz berilishi O‘zbekiston Respublikasi "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi Kodeksning 165¹-moddasi ga muvofiq:

 

Dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

 

Tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

 

Amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, bir yil davomida ikki va undan ortiq marta retsept asosida beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibining buzilishi litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi deb hisoblanadi va belgilangan tartibda litsenziyaning bekor qilinishiga asos bo‘ladi. Shuningdek, dorixona manzili va xodimi to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus reyestrga kiritiladi va uch yil davomida saqlanadi.

 

Ushbu reyestrga kiritilgan xodim shu davr ichida dorixonada mas’ul xodim sifatida faoliyat yuritishdan mahrum bo‘ladi shuningdek, reyestrga kiritilgan manzilda shu davr ichida dorixona ochish taqiqlanadi.